“Instagramni yuritib berasizmi, qancha turadi?” — bizga eng ko‘p beriladigan savollardan biri. Javobni to‘g‘ri baholash uchun avval narx nimadan tashkil topishini tushunish kerak. Aks holda arzon taklif qimmatga tushadi, qimmati esa ortiqcha bo‘lib chiqishi mumkin.
Narx nimadan tashkil topadi?
“Instagram yuritish” — bitta ish emas, bir nechta alohida ishning yig‘indisi. Har bir taklifda ulardan qaysilari borligini tekshiring.
- Strategiya va kontent reja — kimga, nima haqida va qanday maqsadda gapiramiz. Bu bo‘lmasa, postlar shunchaki “sahifa bo‘sh turmasin” uchun chiqadi.
- Kontent ishlab chiqarish — dizayn, matn, foto, Reels. Narxning eng katta qismi odatda shu yerda: video uchun mobilograf yoki videograf chiqishi, montaj va grafika vaqt talab qiladi.
- Sahifani yuritish — postlarni joylash, stories, izohlar va Direct’dagi savollarga javob, negativ bilan ishlash.
- Target reklama — kontentni kerakli odamlarga yetkazish. Bu xizmat alohida yoki paket ichida bo‘lishi mumkin.
- Analitika va hisobot — nima ishladi, nima ishlamadi va keyingi oyda nimani o‘zgartiramiz.
Arzon taklifda ko‘pincha faqat “post joylash” bo‘ladi: tayyor shablon, internetdan olingan rasm, strategiya va hisobotsiz. Bu xizmat ham bor joyi bor, lekin undan mijoz oqimi kutish noto‘g‘ri.
Reklama budjeti narxga kiradimi?
Odatda yo‘q, va bu muhim farq. Xizmat narxi — jamoaning ishi uchun. Reklama budjeti esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Meta’ga (Instagram va Facebook) to‘lanadi va alohida rejalashtiriladi. Taklifni solishtirayotganda shuni aniqlang: bu summaga reklama budjeti kiritilganmi yoki yo‘qmi. Aks holda ikki xil narsani solishtirgan bo‘lasiz.
Kim yuritadi: freelancer, ichki SMMchi yoki agentlik?
Uchala variantning ham o‘z o‘rni bor. To‘g‘ri tanlov biznesingiz hajmi va maqsadingizga bog‘liq.
Freelancer
Arzonroq va tez boshlash mumkin. Lekin bitta odam strategiya, dizayn, video, matn va reklamani bir xil darajada yaxshi qila olishi kam uchraydi. Kasal bo‘lsa yoki boshqa loyihaga o‘tib ketsa, sahifa to‘xtab qoladi.
Ichki SMMchi
Biznesni yaxshi biladi va doim yoningizda. Ammo unga oylik, ish joyi va texnika kerak, video va dizayn uchun esa baribir qo‘shimcha odam yoki pudratchi izlaysiz. Uni boshqarish va natijasini baholash ham sizning zimmangizda.
Agentlik
Strategiya, dizayn, video, matn va target bitta jamoada. Ish shartnoma asosida, oylik hisobot bilan boradi. Kamchiligi — narxi freelancerdan yuqori va biznesingiz haqida ma’lumotni jamoaga o‘zingiz yetkazib turishingiz kerak.
Qisqa qoida: sahifa “bo‘sh turmasin” desangiz — freelancer yetadi. Instagram mijoz olib kelishi kerak bo‘lsa — strategiya, kontent va reklama bitta tizimda ishlashi kerak.
Kelishuvdan oldin beriladigan 6 ta savol
Kim bilan ishlashingizdan qat’i nazar, quyidagi savollarga aniq javob oling:
- Oyiga qancha va qanday kontent chiqadi: postlar, stories, Reels soni?
- Foto va videoni kim suratga oladi va bu narxga kiradimi?
- Reklama budjeti narxga kiradimi va uni kim boshqaradi?
- Qaysi ko‘rsatkichlar kuzatiladi va hisobot qachon, qanday shaklda beriladi?
- Avval qilingan ishlarni ko‘rsata oladimi?
- Shartnoma bormi va hamkorlikni qanday shartlarda to‘xtatish mumkin?
“Birinchi oyda 10 000 obunachi” yoki “kafolatlangan sotuv” kabi va’dalarga ehtiyot bo‘ling. Natija mahsulot, narx, raqobat va sotuv bo‘limiga ham bog‘liq — buni hech kim oldindan kafolatlay olmaydi.
Damar’da qancha turadi?
SMM xizmatimiz $1,500 dan boshlanadi. Unga strategiya va kontent reja, dizayn, foto va video kontent, Reels, sahifani yuritish, target reklamani sozlash va oylik hisobot kiradi. Yakuniy narx maqsad va kontent hajmiga qarab belgilanadi, reklama budjeti esa alohida.
Sizga to‘liq SMM kerakmi yoki faqat bir qismi — masalan, faqat target reklama yoki video — buni birinchi bepul konsultatsiyada birga aniqlaymiz.