Bu maqolada reklamani o‘zingiz ishga tushirishingiz uchun kerakli bosqichlarni tartib bilan yozdik. Oxirida reklama narxi nimaga bog‘liqligi va budjetni qanday rejalash haqida.
Boshlashdan oldin nima kerak?
- Professional akkaunt — Instagram sozlamalarida akkauntni “Biznes” yoki “Muallif” turiga o‘tkazing.
- Facebook sahifa — Instagram unga ulangan bo‘lishi kerak. Reklama hisobi shu orqali ishlaydi.
- To‘lov kartasi — Meta xalqaro to‘lov kartalarini qabul qiladi, odatda Visa yoki Mastercard. Ko‘p banklar bunday kartani, jumladan virtual kartani, tez ochib beradi.
- Tayyor profil — reklama bosilganda odam profilingizga tushadi. Unda nima qilishingiz, narx yoki narx haqida qanday so‘rash mumkinligi va ishlaringiz ko‘rinib turishi kerak.
1-qadam. Reklama hisobini oching
Meta Business Suite yoki Ads Manager orqali reklama hisobi oching. Valyuta va vaqt mintaqasini diqqat bilan tanlang: keyin ularni shu hisobda o‘zgartirib bo‘lmaydi, faqat yangi hisob ochish kerak bo‘ladi.
Tekshiring: hisobga kim kirish huquqiga ega? Hisob va sahifa egasi doim biznes egasi bo‘lishi kerak. Mutaxassisga parol emas, rol beriladi.
2-qadam. Kampaniya maqsadini tanlang
Bu eng muhim qaror. Meta siz so‘ragan natijani beradi:
- Xabarlar — Direct’ga yozishlari kerak bo‘lsa. Xizmat va mahsulot sotadigan ko‘p bizneslar uchun eng mos boshlang‘ich maqsad.
- Lidlar — ism va telefon raqami bilan ariza kerak bo‘lsa.
- Trafik yoki sotuvlar — saytga odam yoki saytdan xarid kerak bo‘lsa. Sotuvni o‘lchash uchun saytda Meta Pixel o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
- Qamrov va ko‘rishlar — brendni tanitish uchun. Bu maqsaddan murojaat kutmang.
3-qadam. Auditoriyani sozlang
Joylashuvdan boshlang: xizmatingiz faqat Toshkentda bo‘lsa, reklamani butun O‘zbekistonga ko‘rsatish — pulni sovurish. Keyin yosh va kerak bo‘lsa til. Qiziqishlarni ko‘p qo‘shib, auditoriyani juda toraytirib yubormang: tizimga to‘g‘ri odamni topish uchun joy qoldiring.
Tekshiring: reklama qayerda chiqadi? Avtomatik joylashuvda reklama Facebook va boshqa joylarda ham chiqishi mumkin. Agar sizga faqat Instagram kerak bo‘lsa, joylashuvni qo‘lda tanlang.
4-qadam. Kreativ va matn tayyorlang
Reklama lentada boshqa postlar orasida chiqadi va odam unga bir-ikki soniya beradi. Birinchi kadrda mahsulot va foyda ko‘rinsin. Matnda — aniq taklif va keyingi qadam: “Narxini bilish uchun Direct’ga yozing”.
Bitta emas, 3–5 ta turli kreativ tayyorlang: rasm, video, Reels formatida. Qaysi biri yaxshi ishlashini oldindan hech kim aniq bilmaydi — buni sinov ko‘rsatadi.
5-qadam. Budjet va muddatni belgilang
Kunlik yoki umumiy budjet tanlanadi. Reklama ishga tushgach, har bir reklama to‘plami bir necha kunlik o‘rganish bosqichidan o‘tadi. Shu vaqtda reklamani har kuni o‘zgartirmang — natija barqarorlashmaydi.
Tekshiring: kamida bir hafta kuting, keyin xulosa qiling. Eng kam natija bergan kreativni o‘chirib, budjetni yaxshi ishlayotganiga o‘tkazing.
6-qadam. Natijani kuzating
Faqat Ads Manager’dagi raqamlarga emas, sotuvga qarang. Har hafta oddiy jadval yuriting: qancha pul sarflandi, nechta murojaat keldi, nechtasi sotuvga aylandi. Shundagina reklama o‘zini oqlayaptimi yoki yo‘qmi, ko‘rasiz.
Reklamaning vazifasi — ko‘rish yoki layk emas, murojaat va sotuv. Shuni o‘lchang.
Instagramda reklama qancha turadi?
Bu savolga bitta raqam bilan javob berib bo‘lmaydi, chunki narx ikki qismdan iborat.
Birinchisi — reklama budjeti. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri Meta’ga to‘lanadi. Meta’da reklama auksion orqali sotiladi, shuning uchun bir xil natijaning narxi har xil bo‘ladi. Unga ta’sir qiladi:
- auditoriya hajmi va unga qancha boshqa reklama beruvchi da’vogarligi;
- mavsum: bayramlar va yil oxirida raqobat oshadi va reklama qimmatlashadi;
- kreativ sifati: odamlarga yoqqan reklama arzonroq ko‘rsatiladi;
- tanlangan maqsad: murojaat, ko‘rishdan ko‘ra qimmatroq turadi.
Ikkinchisi — sozlash va yuritish xizmati, agar buni mutaxassisga topshirsangiz. Damar’da target reklama xizmati $500 dan boshlanadi. Unga raqobatchilar reklamasi tahlili, auditoriya va taklifni aniqlash, kreativlar, kabinet va Pixel sozlash, A/B testlar va muntazam hisobot kiradi. Reklama budjeti alohida.
Budjetni rejalashda asosiy qoida: u bir nechta kreativni sinab ko‘rish va kamida bir hafta natija yig‘ish uchun yetarli bo‘lsin. Juda kichik budjet bilan tizim o‘rganib ulgurmaydi va siz “reklama ishlamaydi” degan noto‘g‘ri xulosaga kelasiz. Reklama berib, natija ko‘rmayotgan bo‘lsangiz, reklamadan mijoz kelmasligining 7 sababi haqidagi maqolamizni o‘qing.
Reklamani o‘zingiz berasizmi yoki jamoaga topshirasizmi — birinchi konsultatsiya bepul: biznesingiz uchun qaysi maqsad va qanday budjetdan boshlash kerakligini birga aniqlaymiz.