“Bizga SMM kerakmi yoki target?” — bu savol bilan ko‘p murojaat qilishadi. Javob biznesingiz hozir qaysi bosqichda ekaniga bog‘liq. Avval ikkalasining vazifasini ajratib olamiz.
SMM nima?
SMM — ijtimoiy tarmoqlardagi sahifangizni tizimli yuritish. Bunga strategiya va kontent reja, postlar, stories, Reels, dizayn, foto va video, izohlar va Direct’dagi savollarga javob kiradi.
SMM’ning vazifasi — sahifaga kirgan odamda ishonch uyg‘otish: siz kimsiz, nima qilasiz, nega sizga ishonish mumkin. Yaxshi yuritilgan sahifa reklamadan kelgan odamni mijozga aylantiradi.
Target reklama nima?
Target reklama — Instagram va Facebook’da pullik reklama orqali taklifingizni aniq tanlangan odamlarga ko‘rsatish: joylashuv, yosh, qiziqish va xatti-harakat bo‘yicha. Pul to‘g‘ridan-to‘g‘ri Meta’ga to‘lanadi, natija esa murojaat, ariza yoki sotuv bilan o‘lchanadi.
Target’ning vazifasi — sahifangizni hali bilmaydigan odamlarni tez va boshqariladigan tarzda olib kelish.
Asosiy farqlar
- Vazifasi: SMM ishonch va brend quradi, target yangi odam va murojaat olib keladi.
- Tezligi: target reklama birinchi kundan ko‘rishlar beradi, SMM natijasi oylar davomida to‘planadi.
- Pul qayerga ketadi: SMM’da — jamoaning ishi va kontent ishlab chiqarishga, target’da — jamoa ishi va Meta’ga to‘lanadigan reklama budjetiga.
- To‘xtatsangiz nima bo‘ladi: reklama o‘chirilsa, oqim ham to‘xtaydi. SMM orqali yig‘ilgan kontent, obunachilar va ishonch esa qoladi.
SMM — do‘koningizning vitrinasi va sotuvchisi. Target — ko‘chadan odam olib keladigan e’lon. Biri ikkinchisisiz yarim ishlaydi.
Qachon faqat target yetadi?
Taklifingiz oddiy va tushunarli bo‘lsa, sahifangiz allaqachon tartibda bo‘lsa va sizga tez murojaat kerak bo‘lsa — masalan, aksiya, yangi filial ochilishi yoki mavsumiy mahsulot. Bunday holatda yaxshi tayyorlangan bir nechta kreativ va to‘g‘ri sozlangan reklama yetarli bo‘lishi mumkin.
Tekshiring: profilingizni birinchi marta ko‘rayotgan odam ko‘zi bilan oching. Nima qilishingiz, narx haqida qanday so‘rash mumkinligi va ishlaringiz ko‘rinyaptimi? Ha bo‘lsa — target bilan boshlash mumkin.
Qachon avval SMM kerak?
Sahifa bo‘sh yoki tartibsiz bo‘lsa, oxirgi post bir necha oy oldin chiqqan bo‘lsa, mahsulot qimmat yoki qaror uzoq qabul qilinadigan bo‘lsa — masalan, ko‘chmas mulk, ta’mirlash, B2B xizmatlar. Bunday sohada odam sotib olishdan oldin sahifani uzoq o‘rganadi. Reklamani bo‘sh sahifaga yo‘naltirsangiz, pul ko‘rishlarga ketadi, murojaatga emas.
Tekshiring: reklamadan bosishlar bor, lekin Direct jim bo‘lsa — muammo ko‘pincha reklamada emas, sahifada. Bu haqda batafsil: reklamadan mijoz kelmasligining 7 sababi.
Nega eng yaxshi natija ikkalasi birga ishlaganda bo‘ladi?
Target odam olib keladi, SMM uni ushlab qoladi va ishontiradi. Bundan tashqari, SMM uchun tayyorlangan kontent — Reels, videolar, mijoz fikrlari — reklama uchun eng yaxshi kreativga aylanadi. Reklama esa yaxshi kontentni ko‘proq odamga yetkazadi.
Shuning uchun bizning SMM xizmatimiz ichida target reklamani sozlash va yuritish ham bor. Agar sahifangiz tartibda bo‘lsa va faqat reklama kerak bo‘lsa, target reklamani alohida olish mumkin.
Qisqa xulosa
- Tez murojaat kerak va sahifa tayyor — target bilan boshlang.
- Sahifa bo‘sh yoki mahsulot qimmat — avval SMM, keyin target.
- Barqaror o‘sish kerak — ikkalasi bitta reja asosida.
Qaysi biri sizga mos ekanini birinchi bepul konsultatsiyada sahifangiz va hozirgi reklamangizga qarab birga aniqlaymiz.