Avval: aslida nimani solishtiramiz?
Ko‘pincha hisob shunday bo‘ladi: “marketologning oyligi shuncha, agentlik bundan qimmat — demak, shtat arzon”. Lekin bu ikki narsa bir xil ish emas. Marketing natija berishi uchun odatda bir nechta vazifa bajarilishi kerak:
- strategiya — kimga sotamiz, qanday taklif bilan, qaysi kanalda;
- kontent — matn, dizayn, foto va video (mobilografiya);
- reklama — target reklamani sozlash, test qilish va budjetni boshqarish;
- yuritish — sahifa, izohlar va Direct;
- nazorat — so‘rov va sotuvlarni hisoblash, oy oxirida hisobot.
Shuning uchun to‘g‘ri savol boshqacha: “shu vazifalarning hammasi shtatda qanchaga tushadi va agentlikda qanchaga?” Faqat Instagram yuritish haqida bo‘lsa: Instagram yuritish narxi.
Shtatdagi marketing: xarajat nimadan yig‘iladi
Oylik — faqat birinchi qator. To‘liq hisob odatda shunday:
- oyliklar va soliqlar — bitta odam yoki bir nechta mutaxassis (marketolog, SMM, dizayner, mobilograf, targetolog);
- texnika va ish joyi — kompyuter, telefon, yorug‘lik, mikrofon, stol;
- dastur va obunalar — dizayn, montaj, AI vositalari, CRM;
- ishga olish va o‘rgatish — nomzod qidirish, sinov muddati, biznesni tushuntirish;
- boshqaruv vaqti — kimdir vazifa beradi va natijani tekshiradi, ko‘pincha bu tadbirkorning o‘zi;
- ketib qolish xavfi — xodim ketsa, bilim va jarayon u bilan ketadi, hammasi qaytadan boshlanadi.
Reklama budjeti ikkala holatda ham alohida: u Meta yoki Telegram’ga to‘lanadi.
Shtatning afzalliklari va kamchiliklari
Afzalliklari:
- Biznesni ichidan biladi. Har kuni joyida, mahsulot, jamoa va mijozlarni yaqindan ko‘radi.
- Tez reaksiya. Bugungi voqeani bugun suratga oladi, kundalik vazifaga darhol javob beradi.
- Faqat sizning biznesingiz bilan band.
- Bilim kompaniyada qoladi — agar jarayonlar yozib borilsa.
Kamchiliklari:
- Bitta odam hamma narsani chuqur bilmaydi. Yaxshi matn yozadigan odam har doim ham yaxshi targetolog yoki mobilograf emas.
- Natijani kim tekshiradi? Rahbar marketingni bilmasa, ish sifatini baholash qiyin.
- Tashqi tajriba kam. Bitta biznes ichida ishlagan odam boshqa sohalarda nima ishlayotganini kamroq ko‘radi.
- Yashirin xarajatlar — yuqoridagi ro‘yxat.
Agentlik: xarajat nimadan yig‘iladi
- oylik to‘lov — kelishilgan xizmatlar paketi uchun;
- reklama budjeti — alohida;
- sizning vaqtingiz — kontentni kelishish, suratga olish uchun joy va odam ajratish, savollarga javob.
Jamoa, texnika, dastur va o‘rgatish agentlik zimmasida.
Agentlikning afzalliklari va kamchiliklari
Afzalliklari:
- Bitta to‘lovga butun jamoa. Strategiya, dizayn, video, reklama — har birini o‘z mutaxassisi qiladi.
- Turli sohalar tajribasi. Agentlik bir vaqtda bir nechta loyiha bilan ishlaydi va nima ishlashini ko‘proq ko‘radi.
- Tez boshlash. Ishga olish va o‘rgatishga oylar ketmaydi.
- Xodim ketsa ham ish to‘xtamaydi.
- Kelishuv yozma. Nima qilinishi va qanday hisobot berilishi oldindan shartnomada yoziladi.
Kamchiliklari:
- Biznesingizni sekinroq o‘rganadi. Birinchi oylarda ko‘p ma’lumot sizdan kerak bo‘ladi.
- Har kuni joyida emas. Suratga olish oldindan rejalashtiriladi.
- Faqat siz bilan band emas. Shuning uchun aloqa va muddatlar oldindan kelishilgan bo‘lishi kerak.
- Agentlik har xil bo‘ladi. Noto‘g‘ri tanlov — pul va vaqt yo‘qotish. Nimaga qarash kerakligi pastda.
Arzon — bu oylik to‘lovi kichik variant emas, balki bir xil hajmdagi ish uchun to‘liq xarajati kichik variant. Samarali — natijasini o‘lchash mumkin bo‘lgan variant.
O‘zingiz hisoblang: 3 qadam
- 1. Vazifalarni yozing. Oyiga nechta post va Reels, nechta suratga olish, qaysi kanallarda reklama, Direct’ga kim javob beradi.
- 2. Shtat narxini to‘liq hisoblang. Bu vazifalar uchun nechta odam kerak, ularning oyligi va soliqlari, texnika, dasturlar va sizning boshqaruv vaqtingiz.
- 3. Agentlik taklifini shu ro‘yxat bilan solishtiring. Paketga nima kiradi, nima kirmaydi, hisobot qanday beriladi.
Solishtirish faqat bir xil hajmdagi ish uchun to‘g‘ri bo‘ladi. Butun byudjetni rejalash haqida: 2027-yilga marketing byudjeti. Marketing foydasini o‘lchash: ROAS, ROMI va ROI.
Qachon nima to‘g‘ri keladi
Shtat ko‘proq mos keladi, agar:
- kontent har kuni va joyida kerak bo‘lsa (ishlab chiqarish, do‘kon, restoran);
- biznesda marketingni boshqara oladigan rahbar yoki tajribali marketolog bo‘lsa;
- ish hajmi bir nechta mutaxassisni to‘liq band qila oladigan darajada katta bo‘lsa.
Agentlik ko‘proq mos keladi, agar:
- marketingni noldan yoki qaytadan qurish kerak bo‘lsa;
- bir nechta mutaxassis kerak, lekin har birini to‘liq stavkaga olishga ish yetarli bo‘lmasa;
- tez boshlash va tashqi tajriba muhim bo‘lsa.
Aralash model ham keng tarqalgan: ichkarida bitta odam joyida suratga oladi, Direct’ga javob beradi va agentlik bilan aloqani ushlab turadi; strategiya, dizayn, video va reklama esa agentlikda. Bitta xodim marketing bo‘limi bo‘la oladimi — bu haqda alohida maqola.
Agentlik tanlashda nimaga qarash kerak
- Paket aniqmi? Oyiga nima qilinishi yozma kelishilgan bo‘lsin.
- Hisobot bormi? Oy oxirida nima qilingani, reklamaga qancha sarflangani va qancha so‘rov kelgani ko‘rsatilishi kerak.
- Akkauntlar kimniki? Sahifa va reklama kabineti sizda qolishi, agentlikka esa parol emas, Meta Business Suite orqali rol berilishi kerak.
- Reklama budjeti alohidami? Budjet to‘g‘ridan-to‘g‘ri Meta’ga to‘lanadimi va siz uni ko‘rib turasizmi.
- Haqiqiy keyslar bormi? Raqamlar bilan va iloji bo‘lsa, mijoz nomi bilan.
- Kafolat va‘da qilinmoqdami? “Bir oyda shuncha mijoz” degan kafolatdan ehtiyot bo‘ling: natija taklif, narx, sotuv bo‘limi va bozorga ham bog‘liq.
Qisqa xulosa
Shtat va agentlikdan qaysi biri arzonligini oylikni agentlik to‘loviga solishtirib bilib bo‘lmaydi: bir xil hajmdagi ish uchun to‘liq xarajatni hisoblash kerak. Shtat — kundalik, joyidagi ish va ichkarida marketingni boshqaradigan odam bo‘lsa yaxshi. Agentlik — bir nechta mutaxassis kerak bo‘lsa, tez boshlash va tashqi tajriba muhim bo‘lsa yaxshi. Ko‘p bizneslar uchun eng amaliy yechim — ikkalasining aralashmasi.
Damar’da SMM $1,500 dan / oy, target reklama $500 dan, marketing strategiyasi $2,000 dan boshlanadi; reklama budjeti alohida, hisobot — oy oxirida. Sizga shtat, agentlik yoki aralash model to‘g‘ri kelishini bepul konsultatsiyada birga hisoblaymiz.