Nega “kursga yoziling” ishlamaydi
Odam kursni kurs bo‘lgani uchun tanlamaydi. U o‘z muammosiga yechim qidiradi: ishga kirish, imtihondan o‘tish, bolasining ingliz tilini ko‘tarish. Reklamada shu yozilmasa, u o‘tib ketadi.
Hamma kurslarni bitta reklamaga yig‘ish ham xato. 1C o‘rganmoqchi bo‘lgan buxgalter bilan IELTS’ga tayyorlanayotgan o‘quvchi boshqa-boshqa odamlar, ularga boshqa-boshqa gap kerak.
Har kurs uchun alohida taklif
Yaxshi taklifda odam beshta savolga javob topadi:
- Kim uchun? Boshlovchilar uchunmi, tajribasi borlar uchunmi, maktab o‘quvchilari uchunmi.
- Oxirida nima bo‘ladi? Sertifikat, imtihon, yangi ish yoki aniq ko‘nikma.
- Qachon boshlanadi? Guruh ochiladigan sana va qolgan joylar.
- Qanday o‘tadi? Vaqti, qancha davom etishi, qaysi filialda yoki onlayn.
- Nimadan boshlasa bo‘ladi? Bepul sinov darsi, darajani aniqlash testi yoki maslahat.
Narxni reklamaga yozasizmi yo‘qmi, o‘zingiz hal qilasiz. Lekin odam sahifangiz yoki landingga kirganda narx haqida aniq javob topishi kerak.
Toshkentda o‘zbek va rus tilida o‘qiydiganlar uchun reklamani alohida qilgan yaxshi: matn ham, rasm ham o‘z tilida bo‘lsa, odam o‘zini taniydi.
Guruhni qachon yig‘ishni boshlash
Ochilishga bir hafta qolganda guruh yig‘ish qiyin. Yaxshisi 3–4 hafta oldin boshlang:
- 3–4 hafta oldin. Sahifa va landing tayyor bo‘ladi: o‘qituvchilar, darslar va o‘quvchilar natijasi ko‘rinib turadi.
- Keyin reklama. Har kurs o‘z taklifi bilan chiqadi. Bir nechta rasm va video sinab ko‘riladi, yaxshi ishlaganiga ko‘proq pul o‘tkaziladi.
- Ochilishga yaqin. Raqam qoldirib, hali yozilmaganlarga qo‘ng‘iroq qilinadi yoki eslatma yuboriladi.
- Guruh ochilgach. Keyingi guruhga ro‘yxat yig‘ila boshlaydi, shunda har safar noldan boshlamaysiz.
Forma yoki kviz-landing
Instagram’dagi tayyor forma tez to‘ldiriladi, shuning uchun murojaat ko‘p keladi. Lekin ularning bir qismi tasodifiy: odam bosib qo‘ygan, keyin telefonni ko‘tarmaydi.
Kviz-landingda odam avval bir nechta savolga javob beradi: qaysi kurs, qaysi vaqt, qaysi filial. Keyin raqamini qoldiradi. Murojaat kamroq bo‘lishi mumkin, lekin administrator kim bilan gaplashayotganini oldindan biladi.
Murojaatlar soni emas, guruhga yozilib, to‘lov qilganlar soni muhim.
Murojaatdan o‘quvchigacha
Ko‘p markazda reklama ishlaydi, lekin murojaatlar administratorning telefonida yo‘qolib ketadi. Shuning uchun:
- Tez javob bering. Raqam qoldirgan odam o‘sha kuni boshqa markazlarga ham yozgan bo‘lishi mumkin.
- Sinov darsiga chaqiring. O‘qituvchi va xonani ko‘rgach, qaror qilish osonlashadi.
- Hammasini CRM yoki bitta jadvalga yozing. Har murojaat qaysi kurs va qaysi reklamadan kelgani ko‘rinib tursin.
- Oy oxirida hisoblang. Reklamaga qancha ketdi, nechta murojaat keldi, nechtasi to‘lov qildi.
Shunda qaysi kurs reklamasi o‘zini oqlayotgani, qaysi biri pulni yeyotgani ko‘rinadi. Murojaat bor-u, yozilish yo‘q bo‘lsa, bu maqolada sabablarini yozganmiz.
Damar’da
Academy of Accountants bilan shu tartibda ishladik: har kurs (1C, IFRS, soliq va boshqalar) uchun alohida taklif, o‘zbek va rus tilidagi auditoriyaga alohida reklama, kviz-landinglar va CRM. 6 oyda 3 390 ta murojaat keldi, kviz-landing va CRM’dan keyin sifatli murojaatlar ulushi 50% ga oshdi.
O‘quv markazlari uchun nima qilishimizni alohida sahifada yozganmiz. Target reklama $500 dan, SMM $1,500 dan boshlanadi, reklama byudjeti alohida. Hisobot har oy oxirida beriladi. Keyingi guruhingizni qanday yig‘ishni birga ko‘rib chiqamiz.